Zör Savdo — OLXda sotuvchilarning qulay narxlardagi takliflarini jamlagan maxsus to‘plam.
Biz ushbu to‘plam xaridorlar uchun foydali bo‘lishini istaymiz. Shu sababli uni shakllantirishda nafaqat tovarlar narxini, balki sotuvchilarning ishonchliligini, e’lonlar tarixini va narxlarning dolzarbligini ham hisobga olamiz. Zör Savdoda ikki turdagi narx takliflari mavjud: narxi pasaytirilgan tovarlar va OLXdagi o‘xshash takliflar orasida qulay narxda taqdim etilayotgan tovarlar.
🔔 2026-yil 10-noyabrdan 15-noyabrgacha “Zör Savdo” O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab o‘tkaziladi.
Qaysi sotuvchilar Zör Savdoga kiritilishi mumkin?
To‘plamga OLXdan faol foydalanadigan, servis qoidalariga rioya qiladigan va boshqa foydalanuvchilar bilan ijobiy hamkorlik tarixiga ega sotuvchilarning takliflari kiritilishi mumkin.
Sotuvchilar ro‘yxatini shakllantirishda ularning ishonchliligini baholash imkonini beruvchi ko‘rsatkichlar, jumladan, quyidagilar hisobga olinadi:
profilning mavjud bo‘lgan muddati va faolligi;
OLX qoidalariga rioya qilishi va amaldagi cheklovlarning mavjud emasligi;
xaridorlar bilan o‘zaro aloqalar tarixi;
e’lonlarning faolligi va sifati.
Yuqorida sanab o‘tilgan ayrim xususiyatlarning mavjudligi o‘z-o‘zidan to‘plamga kiritilishni kafolatlamaydi.
Qaysi e’lonlar Zör Savdoga kiritilishi mumkin?
Zör Savdo to‘plamiga faqat OLX servisining «Uy va bog‘», «Elektr jihozlari», «Hobbi, dam olish va sport», «Bolalar dunyosi», «Moda va stil» kategoriyalari hamda ularga tegishli kichik kategoriyalarda joylashtirilgan tovar e’lonlari kiritiladi.
«Hayvonlar», «Xizmatlar», «Ish», «Ko‘chmas mulk» va «Transport» kategoriyalaridagi e’lonlar to‘plamda ishtirok etmaydi.
To‘plamga faqat yangi tovarlar haqidagi e’lonlar kiritiladi. Ishlatilgan tovarlar, shuningdek, tibbiy mahsulotlar va biologik faol qo‘shimchalar (BAQ) kategoriyalaridagi takliflar ishtirok etmaydi.
Shuningdek, to‘plamni shakllantirishda takroriy e’lonlarning mavjud emasligi ham hisobga olinadi.
Zör Savdoda qanday narx takliflari mavjud?
Zör Savdoga ikki turdagi tovarlar kiritilishi mumkin:
1. Narxi pasaytirilgan tovarlar
Bular avvalgi narxiga nisbatan narxi pasaytirilgani qayd etilgan e’lonlardir.
Bunday e’lonlarni saralashda OLX narxlarning o‘zgarish tarixini tahlil qiladi va quyidagi omillarni hisobga oladi:
e’lon OLX servisida qancha vaqtdan beri joylashtirilganini;
avvalgi davrlarda uning narxi qanday o‘zgarganini;
joriy narx avvalgi qiymatlardan qanchalik farq qilishini;
narx pasaytirilishidan oldin uning sun’iy ravishda oshirilmaganligini;
narx pasaytirilganidan keyin belgilangan qiymat saqlanganligini.
Baholash uchun e’lon narxining muayyan davrlardagi tarixiy ma’lumotlaridan foydalanilishi mumkin.
Shunday qilib, to‘plamning ushbu qismiga narx pasayishi belgilangan mezonlarga mos keladigan va OLXdagi narx o‘zgarishlari tarixi bilan tasdiqlangan e’lonlar kiritiladi.
2. Qulay narxlardagi tovarlar
Narxi pasaytirilgan tovarlardan tashqari, Zör Savdoga OLXdagi o‘xshash tovarlar orasida eng qulay narxlardan birida taklif etilayotgan mahsulotlar ham kiritilishi mumkin.
To‘plamning ushbu qismini shakllantirish uchun OLX platformadagi faol e’lonlarni tahlil qiladi hamda bir xil modeldagi, o‘xshash xususiyatlarga ega tovarlarning narxlarini taqqoslaydi.
To‘plamga OLXdagi o‘xshash faol e’lonlarga nisbatan narxi pastroq bo‘lgan takliflar saralab olinadi.
Narxlarni qanday tekshiramiz?
Biz uchun Zör Savdodagi narx takliflari haqiqatan ham qulay bo‘lishi va belgilangan shartlarga mos kelishi muhim.
Agar tizim narxning sun’iy ravishda o‘zgartirilganligi, qiymatning noto‘g‘ri ko‘rsatilganligi yoki xaridorlarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlasa, bunday e’lon to‘plamga kiritilmasligi mumkin.
To‘plam tarkibi uni shakllantirish sanasida belgilangan saralash mezonlariga mos keladigan e’lonlar asosida shakllantiriladi.
E’lonni Zör Savdoga mustaqil ravishda qo‘shish mumkinmi?
To‘plam OLX tomonidan sotuvchilar va ularning e’lonlarini kompleks baholash asosida shakllantiriladi.
OLX to‘plam tarkibini yuqorida tavsiflangan, barcha sotuvchilarga bir xil qo‘llaniladigan mezonlar asosida belgilaydi.
E’lon to‘plamdan chiqarib tashlanishi mumkinmi?
Ha. Zör Savdo tarkibi uning o‘tkazilish davrida yangilanishi mumkin.
Agar e’lon belgilangan talablarga mos kelmay qolsa, noto‘g‘ri ma’lumotlar belgilari aniqlansa yoki uning dastlabki saralashiga ta’sir qilgan holatlar o‘zgarsa, OLX ushbu e’lonni to‘plamdan chiqarib tashlashi mumkin.
Zör Savdoda ishtirok etish tovarning sotilishini kafolatlaydimi?
Yo‘q. To‘plamda ishtirok etish xaridorlar e’tiborini jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi, biroq tovarning sotilishini, ma’lum miqdordagi murojaatlar kelib tushishini yoki muayyan tijorat natijalariga erishilishini kafolatlamaydi.
Muhim ma’lumotlar
OLX to‘plamdagi takliflar sifatini va narxlar haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash maqsadida e’lonlarni tekshirish va baholashning ichki mexanizmlaridan foydalanadi.
Aniq texnik parametrlar, algoritmlar va baholash usullari servisning ichki jarayonlariga tegishli hisoblanadi.
OLX tovar sotuvchisi ham, xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi bitimning tomoni ham hisoblanmaydi. Tovar, uning xususiyatlari, narxi va boshqa muhim shartlar haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va servis qoidalariga muvofiq sotuvchi javobgar hisoblanadi.
Zör Savdo rag‘batlantiruvchi aksiya, yutuqli o‘yin yoki tanlov hisoblanmaydi. Sotuvchilar va ularning e’lonlarini to‘plamga kiritish OLX tomonidan belgilangan saralash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Narxi pasaytirilgan tovarlar uchun OLX muayyan e’lon narxining o‘zgarish tarixini tahlil qiladi. Qulay narxlardagi tovarlar uchun esa platformadagi o‘xshash faol takliflarning narxlari bilan taqqoslash amalga oshiriladi. Bunda OLX tovar narxi platformadan tashqaridagi barcha bozor takliflari orasida eng past narx ekanligini kafolatlamaydi.
Tekshiruv narxlarni sun’iy ravishda o‘zgartirish holatlarini aniqlashga yordam beradi, biroq barcha xatolarni to‘liq istisno qila olmaydi. Agar to‘plamdagi e’lon narxi yoki undagi ma’lumotlar noto‘g‘ri deb hisoblasangiz, OLXda mavjud bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish kanallari orqali bizga xabar bering.
To‘plamga kiritilish tovarning tekshirilganligini yoki OLX tomonidan tovar sifati va bitimning bajarilishi kafolatlanishini anglatmaydi.
Sotuvchi yoki e’lonning to‘plamda mavjud emasligi sotuvchining insofsizligini yoki uning taklifi foydasiz ekanligini anglatmaydi. To‘plam muayyan mezonlar va belgilangan kategoriyalar asosida shakllantiriladi.
Saralash mezonlari barcha sotuvchilarga bir xil qo‘llaniladi. Agar sotuvchi o‘z e’loni xato ravishda to‘plamga kiritilmagan yoki undan chiqarib tashlangan deb hisoblasa, OLX platformasida mavjud bo‘lgan usul orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishi mumkin. Biz murojaatni ko‘rib chiqamiz va natijasi haqida xabar beramiz.
Sotuvchi istalgan vaqtda narxni o‘zgartirishi mumkin. Xaridni amalga oshirishdan oldin tovarning amaldagi shartlarini sotuvchi bilan aniqlashtiring.