OLX servisining shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish siyosati (yangilangan tahrir, 21.11.2026-yil kuchga kiradi)

2026-yil 5-noyabrda tasdiqlangan, 2026-yil 21-noyabrdan kuchga kiradi.

1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Ushbu OLX Servisining shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish siyosati (bundan buyon – “Siyosat”) Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi OʻRQ-547-son “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 415-son “Shaxsga doir maʼlumotlarning yetarli darajada himoya qilinishini taʼminlaydigan xorijiy davlatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrdagi 439-II-son “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrdagi 560-II-son “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, https://olx.uz veb-sayti va “OLX” mobil ilovasining (bundan buyon mos ravishda – “Sayt” va “Mobil ilova”) egasi va ularga nisbatan huquq egasi boʻlgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “OLX CLASSIFIEDS” xorijiy korxonasining (STIR: 205707447, yuridik manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Nukus koʻchasi, 46-uy) (bundan buyon – “Jamiyat” va “Kompaniya”) shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish, har bir insonning huquq va erkinliklariga, ayniqsa shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sir huquqiga rioya etish sohasidagi pozitsiyasini belgilaydi.

1.2. OLX Servisidan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlariga tegishli shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining mulkdori va (yoki) operatori boʻlgan Jamiyat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va ushbu Siyosatda belgilangan doirada ishlov beriladi.

1.3. Ushbu Siyosat foydalanuvchilarga Saytda va (yoki) Mobil ilovada roʻyxatdan oʻtish, eʼlonlarni joylashtirish yoki joylashtirilgan eʼlonlarni real vaqt rejimida koʻrib chiqish, Servis bilan bogʻliq boshqa funksionaldan foydalanish imkonini beruvchi Sayt, Mobil ilova, ular bilan bogʻliq servislar, funksiyalar, API va qoʻllab-quvvatlash kanallari (bundan buyon birgalikda – “Servis”) orqali shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishni tavsiflaydi.

1.4. Uchinchi shaxslarning saytlari yoki ilovalariga oʻtilganda bunday shaxslar tomonidan maʼlumotlarga ishlov berish ularning hujjatlari bilan tartibga solinadi. Kompaniya Foydalanuvchi Kompaniya nazorat qiladigan muhitni tark etadigan paytni aniq koʻrsatishga intiladi.

1.5. Ushbu Siyosat:

  • Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining shaxsga doir maʼlumotlar subyektlarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish va ularni himoya qilish sohasidagi talablarini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan;

  • Kompaniya tomonidan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish usullari va prinsiplarini, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishda Kompaniyaning huquq va majburiyatlarini, shaxsga doir maʼlumotlar subyektlarining huquqlarini ochib beradi, shuningdek ularga ishlov berishda shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida Kompaniya tomonidan qoʻllaniladigan choralar roʻyxatini oʻz ichiga oladi;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilishda Kompaniya faoliyatining asoslarini eʼlon qiluvchi ommaviy hujjat hisoblanadi.

1.6. Ushbu Siyosat Jamiyatda belgilangan tartibga muvofiq rejali va rejadan tashqari asosda qayta koʻrib chiqiladi va yangilanadi:

  • Siyosat rejali ravishda kamida yiliga 1 (bir) marta qayta koʻrib chiqiladi;

  • Siyosat Oʻzbekiston Respublikasining shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi qonunchiligi oʻzgarishi munosabati bilan, qoʻllanilayotgan axborot xavfsizligini taʼminlash choralarining dolzarbligi, yetarliligi va samaradorligi tahlili natijalariga koʻra, shuningdek boshqa nazorat tadbirlari natijalariga koʻra rejadan tashqari qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

1.7. Siyosatning amaldagi tahriri Jamiyatning Saytida va Mobil ilovasida ommaviy foydalanish uchun joylashtiriladi va, agar Siyosat tahririning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan yoki Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilanmagan boʻlsa, joylashtirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Amaldagi tahrirning kuchga kirgan sanasi: 2026-yil “21”-noyabr.

2. ATAMALAR VA TAʼRIFLAR

2.1. Ushbu Siyosatda qoʻllaniladigan quyidagi atamalar quyida keltirilgan maʼnolarga ega:

“Shaxsga doir maʼlumotlarga avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish”

shaxsga doir maʼlumotlarga hisoblash texnikasi vositalari yordamida ishlov berish;

“Biometrik maʼlumotlar”

subyektning anatomik va fiziologik xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir maʼlumotlar;

“Shaxsga doir maʼlumotlarni toʻsib qoʻyish”

shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishni vaqtincha toʻxtatib turish (shaxsga doir maʼlumotlarga aniqlik kiritish uchun ishlov berish zarur boʻlgan hollar bundan mustasno);

“Genetik maʼlumotlar”

subyektning biologik namunasini yoki ekvivalent axborot olish imkonini beruvchi boshqa elementni tahlil qilish natijasi boʻlgan, subyektning irsiy yoki orttirilgan xususiyatlariga taalluqli shaxsga doir maʼlumotlar;

“Shaxsga doir maʼlumotlarni egasizlantirish”

amalga oshirilishi natijasida shaxsga doir maʼlumotlarning muayyan subyektga tegishliligini aniqlash imkonsiz boʻlib qoladigan harakatlar;

“Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish”

shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish boʻyicha bitta harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirish;

“Umumiy foydalanishdagi shaxsga doir maʼlumotlar”

subyektning roziligi bilan ulardan foydalanish erkin boʻlgan yoki ularga nisbatan maxfiylikka rioya qilish talablari tatbiq etilmaydigan shaxsga doir maʼlumotlar;

“Jamiyat/Kompaniya”

XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS” (STIR: 205707447, yuridik manzili: Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Nukus koʻchasi, 46-uy);

“Shaxsga doir maʼlumotlar”

muayyan jismoniy shaxsga taalluqli boʻlgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron, qogʻoz va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot;

“Foydalanuvchi”

Kompaniyaning Servislaridan foydalanuvchi jismoniy shaxs;

“Qoidalar”

Saytda va Mobil ilovada joylashtirilgan OLX.UZ servisi qoidalari;

“Shaxsga doir maʼlumotlarni berish”

shaxsga doir maʼlumotlarni muayyan shaxsga oshkor etishga qaratilgan harakatlar;

“Shaxsga doir maʼlumotlarni tarqatish”

shaxsga doir maʼlumotlarni noaniq doiradagi shaxslarga oshkor etishga qaratilgan harakatlar, shu jumladan shaxsga doir maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish, Internet butunjahon axborot tarmogʻida joylashtirish yoki shaxsga doir maʼlumotlardan boshqa biror usulda foydalanish imkoniyatini berish;

“Shaxsga doir maʼlumotlarga aralash ishlov berish”

shaxsga doir maʼlumotlarga avtomatlashtirish vositalari yordamida, shuningdek ularsiz ishlov berish;

“Shaxsga doir maʼlumotlarning mulkdori va operatori”

XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS”;

“Maxsus shaxsga doir maʼlumotlar”

irqiy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, siyosiy, diniy yoki dunyoqarashga oid eʼtiqodlari, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga aʼzoligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek jismoniy yoki ruhiy (psixik) salomatligiga taalluqli maʼlumotlar, shaxsiy hayoti va sudlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

“Shaxsga doir maʼlumotlar subyekti”

shaxsga doir maʼlumotlar taalluqli boʻlgan jismoniy shaxs;

“Shaxsga doir maʼlumotlarni transchegaraviy uzatish”

shaxsga doir maʼlumotlarni mulkdor va (yoki) operator tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga uzatish;

“Uchinchi shaxs”

subyekt, mulkdor va (yoki) operator boʻlmagan, biroq ular bilan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish boʻyicha holatlar yoki munosabatlar orqali bogʻliq boʻlgan har qanday shaxs;

“Shaxsga doir maʼlumotlarni yoʻq qilish”

natijasida shaxsga doir maʼlumotlarni tiklash imkonsiz boʻlib qoladigan harakatlar;

“Vakolatli organ”

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shaxsga doir maʼlumotlar sohasida vakolatli davlat organi.

 

3. SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLARGA ISHLOV BERISH MAQSADLARI VA ASOSLARI

3.1. Jamiyat shaxsga doir maʼlumotlar subyektlarining shaxsga doir maʼlumotlariga shartnomaviy munosabatlarni va Jamiyat Ustavida nazarda tutilgan boshqa faoliyatni amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish, shuningdek Jamiyatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish maqsadida, shu jumladan quyidagilarga muvofiq ishlov beradi:

  • Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi;

  • Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi OʻRQ-547-son “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni;

  • Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 415-son qarori;

  • Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2023-yil 15-noyabrdagi 3478-son “Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi;

  • Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlari.

3.2. Shaxsga doir maʼlumotlarga quyidagi maqsadlarda ishlov beriladi:

  • Jamiyatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish;

  • Sayt va (yoki) Mobil ilovaning dasturiy imkoniyatlari va funksiyalaridan foydalanish uchun Sayt va (yoki) Mobil ilovadan foydalanish imkoniyatini berish;

  • texnik qoʻllab-quvvatlash, axborot almashinuvini amalga oshirish va shaxsga doir maʼlumotlar subyektlarining afzal koʻrishlarini aniqlash;

  • shaxsga doir maʼlumotlar subyektini Saytda va (yoki) Mobil ilovada roʻyxatdan oʻtishda va ulardan keyingi foydalanishda identifikatsiya qilish;

  • shaxsga doir maʼlumotlar subyektining foydalanuvchi profilini (shaxsiy kabinetini) shakllantirish va yuritish;

  • texnik qoʻllab-quvvatlashni, axborot almashinuvini va Jamiyatning qoʻllab-quvvatlash markazi (koll-markazi) bilan aloqani taʼminlash;

  • Sayt va (yoki) Mobil ilovadan foydalanish bilan bogʻliq axborot xabarlarini yuborish;

  • Sayt va (yoki) Mobil ilova ishlashi sifatini yaxshilash, shu jumladan foydalanuvchi tajribasini tahlil qilish;

  • fikr-mulohazalar va takliflarni olish, shaxsga doir maʼlumotlar subyektlarining koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati boʻyicha soʻrovnomalarda ishtirok etishi;

  • Sayt va (yoki) Mobil ilova interfeysida shaxsiylashtirilgan tavsiyalar taqdim etish;

  • koʻrsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlarni hisobga olish va tizimlashtirish;

  • Foydalanuvchiga Kompaniya xizmatlari, shuningdek uchinchi shaxslar, shu jumladan Kompaniya hamkorlarining tovarlari, ishlari va xizmatlari toʻgʻrisida reklama xususiyatidagi axborotni (ragʻbatlantiruvchi va reklama aksiyalari, tanlovlar, yutuqli oʻyinlar, viktorinalar, chegirmalar, promokodlar, bonuslar va sodiqlik dasturlari, yangi va oʻzgartirilgan Pullik xizmatlar, tariflar va Servis funksiyalari toʻgʻrisida, shuningdek soʻrovnomalar va tadqiqotlarda ishtirok etishga takliflarni) yuborish;

  • Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda davlat va boshqa vakolatli organlarga hisobotlarni toʻldirish va taqdim etish;

  • Servisni yaxshilash maqsadida ilmiy-tadqiqot va tahliliy faoliyatni amalga oshirish;

  • OLX servisi qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, shu jumladan firibgarlik va haqoratlarga qarshi kurashish;

  • Servis xavfsizligini taʼminlash, firibgarlikning oldini olish, shuningdek Saytdagi trafikni boshqarish maqsadida Foydalanuvchilarning umumiy va individual faolligini, masalan, kalit soʻzlar boʻyicha qidiruv, eʼlonlarni joylashtirish va bitimlar tuzish boʻyicha faollikni nazorat qilish;

  • Foydalanuvchining aloqa maʼlumotlarini Sayt va (yoki) Mobil ilova interfeysida joylashtirilgan eʼlonda eʼlon qilish;

  • shaxsga doir maʼlumotlar subyekti va Jamiyat oʻrtasidagi shartnomada bevosita nazarda tutilgan va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid boʻlmagan boshqa maqsadlar.

3.3. Foydalanuvchi tomonidan oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini, shuningdek eʼlonlarni Sayt va (yoki) Mobil ilova interfeysida eʼlon qilinishi Foydalanuvchining ularni mulkdor va (yoki) operator bilan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish boʻyicha holatlar yoki munosabatlar orqali bogʻliq boʻlmagan uchinchi shaxslar tomonidan yigʻilishiga (shu jumladan parsing, skreyping va boshqa shunga oʻxshash vositalar yordamida avtomatlashtirilgan tarzda yigʻilishiga), ularga ishlov berilishiga va ulardan qayta foydalanilishiga roziligi hisoblanmaydi.

3.4. Reklama axboroti Foydalanuvchiga u roʻyxatdan oʻtishda, hisob qaydnomasida koʻrsatgan yoki Kompaniyaga boshqa usulda taqdim etgan aloqa maʼlumotlaridan foydalangan holda quyidagi aloqa kanallari orqali yuboriladi: SMS-xabarlar va boshqa qisqa matnli xabarlar; ovozli qoʻngʻiroqlar, shu jumladan avtomatlashtirilgan tizimlar yordamida; elektron pochta; messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar (Telegram, WhatsApp, Viber, Instagram, Facebook va shunga oʻxshashlar); Mobil ilovadagi va veb-brauzerdagi push-bildirishnomalar; Servisdagi ichki chat va hisob qaydnomasi. Reklama axboroti Foydalanuvchining Qoidalarga muvofiq berilgan roziligi mavjud boʻlganda yuboriladi.

3.5. Kompaniya Foydalanuvchining aloqa maʼlumotlarini hamkorlarga ular oʻz reklamasini yuborishlari uchun Foydalanuvchining alohida roziligisiz bermaydi. Xabarlarni yetkazib berish uchun Kompaniya uchinchi shaxslarni (SMS-xabarnomalar operatorlari, pochta servislari, messenjerlar, push-bildirishnomalar servislari, koll-markazlarni) jalb qilishi mumkin.

4. JAMIYATDA ISHLOV BERILADIGAN SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLAR ROʻYXATI

4.1. Hisob qaydnomasi maʼlumotlari. Foydalanuvchi foydalanayotgan Servis funksiyasiga qarab, Kompaniya ism, familiya, telefon raqami, elektron pochta manzili, himoyalangan shakldagi parol, mintaqa (yashash joyi), profil maʼlumotlari va Foydalanuvchi hisob qaydnomasini yaratish va undan foydalanishda taqdim etadigan boshqa maʼlumotlarga ishlov berishi mumkin. Pasport yoki boshqa identifikatsiya maʼlumotlari faqat aniq, oldindan belgilangan maqsad mavjud boʻlgandagina va zarur boʻlgan minimal hajmda soʻraladi.

4.2. Fotosuratlar va shaxslarning tasvirlari. Foydalanuvchi fotosuratlarni profilga, Eʼlonlarga, xabarlarga va Servisning boshqa funksiyalariga yuklashi mumkin. Bunday tasvirlar Servisda aks ettirish uchun foydalaniladi va ularga Kompaniya tomonidan tasvirlangan shaxsning shaxsini aniqlash imkonini beradigan texnik vositalar qoʻllanilgan holda ishlov berilmaydi. Ularga ushbu Siyosatga muvofiq ishlov beriladi va ular shunga muvofiq saqlanadi. Kompaniya Foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiya qilmaydi.

4.3. Eʼlonlar va bitimlar. Kompaniya eʼlonlar mazmuni, aloqa maʼlumotlari, Foydalanuvchilar oʻrtasidagi xabarlar, oʻzaro aloqalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va, agar qoʻllanilsa, toʻlov yoki yetkazib berish funksiyalari uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarga ishlov beradi. Foydalanuvchi eʼlon qilish uchun oʻzi tanlagan axborot boshqa Foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlib qolishi mumkinligini hisobga olishi kerak.

4.4. Qoʻllab-quvvatlash va kommunikatsiyalar. Kompaniya qoʻllab-quvvatlash xizmatiga murojaatlar mazmuni, fikr-mulohazalar, shikoyatlar, bogʻliq akkauntlar va kommunikatsiyalar tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga javob berish, qoidabuzarliklarni tekshirish va Servisni himoya qilish uchun zarur boʻlgan hajmda ishlov beradi.

4.5. Texnik maʼlumotlar. Kompaniya IP-manzil, qurilma va brauzer toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qurilma identifikatorlari, push-bildirishnomalar tokenlari, hodisalar jurnallari, sessiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Servis funksiyalari bilan oʻzaro aloqa toʻgʻrisidagi axborot va ishlash, xavfsizlik va tahlil uchun zarur boʻlgan boshqa texnik maʼlumotlarni avtomatik ravishda olishi mumkin.

4.6. Hamkorlar va tashqi manbalardan olinadigan maʼlumotlar. Kompaniya identifikatsiya, toʻlov, reklama, tahliliy, firibgarlikka qarshi (antifrod) va boshqa servislarni yetkazib beruvchilardan maʼlumotlarni faqat huquqiy asos mavjud boʻlganda hamda transchegaraviy uzatish va mahalliylashtirishga qoʻyiladigan talablarni hisobga olgan holda olishi mumkin.

4.7. Reytinglar, sharhlar, rezyumelar va “Ish” kategoriyasi maʼlumotlari. Kompaniya tegishli funksiyalarni taqdim etish uchun reytinglar va sharhlarga, shuningdek rezyumelar va nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ishlov berishi mumkin. Rezyumeni muayyan ish beruvchiga uzatishdan oldin Foydalanuvchiga oluvchi va uzatiladigan maʼlumotlar tarkibi haqida aniq axborot berilishi kerak.

4.8. Oʻyinlar, reklama va targʻibot. Oʻz Servisi faoliyati doirasida Kompaniya Foydalanuvchi Kompaniya tomonidan Saytda yoki uchinchi shaxslarning saytlarida tashkil etiladigan ragʻbatlantiruvchi aksiyalar, oʻyinlar, viktorinalar va boshqa marketing aksiyalarida ishtirok etganda ism va aloqa maʼlumotlari kabi shaxsiy axborotni yigʻishi mumkin. Oʻz Sayti faoliyati doirasida Kompaniya reklama kampaniyalarining samaradorligi bilan bogʻliq axborotga, shu jumladan Saytda va uchinchi shaxslarning saytlarida qaysi eʼlonlar koʻrib chiqilganligi haqidagi axborotga ham ishlov berishi mumkin.

4.9. Maxsus shaxsga doir maʼlumotlar. Kompaniya irqiy yoki etnik kelib chiqishi, siyosiy, diniy yoki dunyoqarashga oid eʼtiqodlari, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga aʼzoligi, salomatlik holati, shaxsiy hayoti va sudlanganligi toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlarni hamda maxsus shaxsga doir maʼlumotlarga taalluqli shunga oʻxshash axborotni ataylab soʻramaydi va yigʻmaydi. Foydalanuvchiga bunday maʼlumotlarni eʼlonlar, rezyumelar, sharhlar va xabarlarda koʻrsatish tavsiya etilmaydi. Agar Foydalanuvchi joylashtirilayotgan axborotga maxsus shaxsga doir maʼlumotlarni oʻzi kiritgan boʻlsa, ularga faqat Servisning tegishli funksiyasi ishlashi uchun zarur boʻlgan hajmda, Foydalanuvchi ularni umumiy foydalanish uchun ochiq qilgan boʻlishi sharti bilan yoki uning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat shaklidagi roziligi asosida ishlov beriladi; Kompaniya bunday axborotni yashirishga yoki oʻchirishga haqli.

4.10. Voyaga yetmaganlarning maʼlumotlari. Servis voyaga yetmagan shaxslarning mustaqil foydalanishi uchun moʻljallanmagan. Kompaniya bunday shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlarini ataylab yigʻmaydi. Voyaga yetmagan shaxsning shaxsga doir maʼlumotlariga uning qonuniy vakili roziligisiz ishlov berilganligi aniqlangan taqdirda, Kompaniya bunday maʼlumotlarni oqilona muddatda toʻsib qoʻyadi va oʻchiradi.

5. IP-MANZIL, KUKILAR (COOKIES) VA MOBIL IDENTIFIKATORLAR

5.1. Kompaniya autentifikatsiya, xavfsizlik, sozlamalarni saqlash, tahlil, samaradorlikni oʻlchash va, tegishli asos mavjud boʻlganda, reklamani shaxsiylashtirish uchun cookies, SDK, piksellar, lokal xotira va shunga oʻxshash texnologiyalardan foydalanadi.

5.2. KUKILAR (COOKIES) – bu axborotni bevosita Foydalanuvchining kompyuterida, mobil telefonida yoki boshqa qurilmasida saqlaydigan kichik matnli fayllar.

5.3. Piksellar (pixels) – veb-sahifalardagi kodlarning bir qismi boʻlgan, boshqa serverga veb-sahifaning koʻrilishini oʻlchash imkonini beradigan va koʻpincha kukilar (cookies) bilan birgalikda qoʻllaniladigan kichik raqamli tasvirlar. Kod Foydalanuvchining sahifa yoki Sayt sahifasining bir qismi bilan oʻzaro aloqada ekanligini koʻrsatish uchun piksel yuklanganligini va qachon (va qaysi sahifada) yuklanganligini kuzatadi.

5.4. Kukilar (cookies) yordamida veb-server, masalan, afzal koʻrilgan parametrlar va sozlamalarni Foydalanuvchining kompyuterida, mobil telefonida yoki boshqa qurilma(lar)ida saqlashi mumkin, ular keyingi tashrifda avtomatik ravishda tiklanadi. Boshqacha aytganda, kukilar (cookies) fayllari, boshqa narsalar qatori, Saytdan foydalanishni yanada qulay qilish uchun, masalan, Foydalanuvchi keyingi tashrifida tizimga kirish jarayonini takrorlamasligi uchun xizmat qiladi. Kompaniya doimiy va sessiya kukilaridan foydalanadi. Doimiy kukilar Foydalanuvchining kompyuterida uzoqroq muddat saqlanadi, sessiya kukilari esa brauzer oynasi yopilganda avtomatik ravishda oʻchiriladi.

5.5. Servis ishlashi uchun qatʼiy zarur boʻlmagan cookies va shunga oʻxshash texnologiyalar (tahliliy, reklama, shaxsiylashtirish) faqat Foydalanuvchining roziligi bilan qoʻllaniladi; bunday rozilik Saytga birinchi tashrifda (cookies banneri) va (yoki) Mobil ilova sozlamalarida soʻraladi. Foydalanuvchi istalgan vaqtda cookies, brauzer yoki qurilma sozlamalarida oʻz tanlovini oʻzgartirishga haqli. Majburiy boʻlmagan cookies'dan voz kechish Servisning asosiy funksiyalaridan foydalanishni cheklamaydi.

6. OLUVCHILAR VA TRANSCHEGARAVIY UZATISH

6.1. Kompaniya shaxsga doir maʼlumotlarni faqat aniq qonuniy maqsad uchun zarur boʻlgan hajmda quyidagi toifadagi oluvchilarga oshkor etishi mumkin: toʻlov tashkilotlari va toʻlov xizmatlarini koʻrsatuvchi boshqa shaxslar; telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari hamda SMS-xabarnomalar agregatorlari; Servisda ular ishtirokida xizmatlar koʻrsatiladigan hamkorlar; reklama, firibgarlikka qarshi (antifrod) va verifikatsiya servislari, xabarnomalar servislari, messenjerlar va koll-markazlarni yetkazib beruvchilar; Kompaniyaning affillangan shaxslari; davlat organlari; qayta tashkil etishda Kompaniyaning huquqiy vorislari.

Agar Foydalanuvchi Kompaniya hamkori ishtirokida koʻrsatiladigan Servis xizmati yoki funksiyasidan foydalansa, Kompaniya bunday hamkorga tegishli xizmatni koʻrsatish uchun zarur boʻlgan Foydalanuvchining shaxsga doir maʼlumotlarini, masalan, ismi va telefon raqamini uzatadi. Maʼlumotlar uzatilishidan oldin Foydalanuvchiga hamkorning nomi, uzatiladigan maʼlumotlar tarkibi va uzatish maqsadi maʼlum qilinadi. Hamkor olingan shaxsga doir maʼlumotlarga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish toʻgʻrisidagi oʻz hujjatlariga muvofiq ishlov beradi; Foydalanuvchi bu hujjatlar bilan xizmatdan foydalanishdan oldin tanishib chiqishi mumkin.

6.2. Ushbu Siyosatning 6.1-bandi maqsadlari uchun XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS”ning affillangan shaxslari quyidagilar hisoblanadi: XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS” ustav kapitalidagi ulushning yigirma va undan ortiq foiziga egalik qiluvchi yuridik shaxs; ustav kapitalining yigirma va undan ortiq foiziga XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS” egalik qiladigan yuridik shaxs; XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS”ning shoʻba xoʻjalik jamiyati boʻlgan yoki XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS” qaysi jamiyatning shoʻba xoʻjalik jamiyati boʻlsa, oʻsha jamiyatning shoʻba xoʻjalik jamiyati boʻlgan yuridik shaxs; XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS” ustav kapitalining yigirma va undan ortiq foiziga egalik qiluvchi shaxs ustav kapitalining yigirma va undan ortiq foiziga egalik qiladigan yuridik shaxs; kuzatuv kengashi tarkibining kamida uchdan bir qismini XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS” kuzatuv kengashining kamida uchdan bir qismini tashkil etuvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari tashkil etadigan yuridik shaxs; XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS” bilan bitta xoʻjalik birlashmasiga kiruvchi yuridik shaxs.

6.3. Davlat organlariga maʼlumotlar tegishli tarzda rasmiylashtirilgan qonuniy asos mavjud boʻlganda talab qilinadigan hajm doirasida taqdim etiladi.

6.4. Qayta tashkil etish yoki biznes bilan bogʻliq bitim amalga oshirilganda maʼlumotlarni uzatishga qonuniy asos mavjud boʻlganda va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi.

6.5. Agar egasizlantirish natijasida maʼlumotlarning muayyan subyektga tegishliligini aniqlash imkonsiz boʻlsa, Kompaniya egasizlantirilgan maʼlumotlarni uzatishi mumkin.

6.6. Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiy mahalliylashtirilishi lozim boʻlgan toifalarga kirmaydigan shaxsga doir maʼlumotlarni transchegaraviy saqlash va ularga ishlov berishga faqat Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari bajarilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Bunday saqlash va ishlov berishga quyidagi shartlardan kamida bittasiga rioya etilganda yoʻl qoʻyiladi:

  • xorijiy davlatning shaxsga doir maʼlumotlarning yetarli darajada himoya qilinishini taʼminlaydigan davlat deb eʼtirof etilishi;

  • operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beradigan namunaviy shartnoma shartlari yoki majburiy korporativ qoidalarning qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;

  • operator tomonidan roʻyxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir maʼlumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga rioya etilishi.

6.7. Shaxsga doir maʼlumotlarni uchinchi shaxsga uzatishda Kompaniya, agar qonunda belgilangan istisno qoʻllanilmasa, Foydalanuvchiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan muddatda yozma yoki elektron xabarnoma yuboradi. Kompaniya bunday xabarnomalar va ularning yetkazilganligini tasdiqlovchi dalillar jurnalini yuritadi.

7. SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLARGA ISHLOV BERISHNING ASOSIY PRINSIPLARI

7.1. Jamiyat tomonidan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:

a) shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi;

b) Jamiyatning vijdonliligi, bunga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga oid talablarini bajarish orqali erishiladi;

c) shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning aniq, oldindan belgilangan maqsadlariga erishish;

d) shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish maqsadlarining shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻishda oldindan belgilangan va eʼlon qilingan maqsadlarga muvofiqligi;

e) ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlarning tarkibi va hajmi, shuningdek shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish usullarining eʼlon qilingan ishlov berish maqsadlariga muvofiqligi;

f) shaxsga doir maʼlumotlarning ishonchliligi, ularning ishlov berish maqsadlari uchun yetarliligi, ishlov berish maqsadlariga nisbatan ortiqcha boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga yoʻl qoʻyilmasligi;

g) Jamiyat shaxsga doir maʼlumotlar subyektining murojaatiga koʻra toʻliq boʻlmagan yoki noaniq maʼlumotlarga aniqlik kiritish, ularni yangilash yoki oʻchirish imkoniyatini taʼminlaydi. Uzatiladigan maʼlumotlarning ishonchliligi va dolzarbligi uchun javobgarlik shaxsga doir maʼlumotlar subyekti zimmasida boʻladi;

h) shaxsga doir maʼlumotlarni subyektni aniqlash imkonini beradigan shaklda ularga ishlov berish maqsadlari talab qiladigan muddatdan ortiq saqlamaslik.

7.2. Jamiyatda shaxsga doir maʼlumotlarning xavfsizligi shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish (zararsizlantirish) va bartaraf etish, yetkazilishi mumkin boʻlgan zararni minimallashtirishga qaratilgan kelishilgan tadbirlarni, shuningdek tahdidlar amalga oshgan taqdirda maʼlumotlarni va shaxsga doir maʼlumotlar axborot tizimlarining ishlashini tiklash boʻyicha tadbirlarni bajarish orqali taʼminlanadi.

7.3. Shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligiga tahdid deganda shaxsga doir maʼlumotlarni yoʻq qilish, oʻzgartirish, toʻsib qoʻyish, nusxalash, uchinchi shaxslarga ruxsatsiz berish, ruxsatsiz tarqatish va boshqa qonunga xilof harakatlarni, shu jumladan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish jarayonida tasodifan kirish natijasida amalga oshirish imkonini beruvchi shart-sharoitlar va omillar majmui tushuniladi.

7.4. Har qanday axborot resurslariga tahdid xavfini tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatlar, terrorchilik harakatlari, texnik vositalar va aloqa liniyalaridagi avariyalar, boshqa obyektiv holatlar, shuningdek tahdid yuzaga kelishidan manfaatdor boʻlgan va manfaatdor boʻlmagan shaxslar keltirib chiqaradi.

7.5. Shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish – shaxsga doir maʼlumotlarning ochiqligi, yaxlitligi, ishonchliligi va maxfiyligi buzilishining oldini oladigan hamda pirovardida Jamiyatning boshqaruv va ishlab chiqarish faoliyati jarayonida axborotning yetarlicha ishonchli xavfsizligini taʼminlaydigan reglamentlangan va texnologik jarayondir.

7.6. Subyektning shaxsga doir maʼlumotlarini ulardan gʻayriqonuniy foydalanish yoki ularning yoʻqotilishidan himoya qilish Jamiyat tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan tartibda taʼminlanishi kerak.

7.7. Subyektlarning shaxsga doir maʼlumotlarini ichki himoya qilishni taʼminlash uchun Jamiyatda bir qator choralarga rioya etiladi:

a) funksional vazifalari maxfiy maʼlumotlarni bilishni talab qiladigan xodimlar tarkibini cheklash va reglamentlash;

b) hujjatlar va axborotni xodimlar oʻrtasida qatʼiy, tanlab va asosli taqsimlash;

c) xodimlarning ish joylarini himoya qilinadigan axborotdan nazoratsiz foydalanish istisno etiladigan tarzda oqilona joylashtirish;

d) binoda maxfiy hujjatlar va maʼlumotlar bazalari bilan ishlash uchun zarur shart-sharoitlarning mavjudligi;

e) axborotni yoʻq qilish tartibini tashkil etish;

f) maxfiy hujjatlar bilan ishlashda qimmatli maʼlumotlar yoʻqotilishining oldini olish boʻyicha xodimlar bilan tarbiyaviy va tushuntirish ishlarini olib borish.

8. SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLARGA ISHLOV BERISHNI TASHKIL ETISH

8.1. Jamiyatda shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish avtomatlashtirish vositalaridan foydalangan holda ham, ulardan foydalanmasdan ham amalga oshiriladi.

8.2. Jamiyatda shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan hollar bundan mustasno, shaxsga doir maʼlumotlar subyektining roziligi bilan amalga oshiriladi.

8.3. Shaxsga doir maʼlumotlarga subyektning roziligisiz ishlov berilishi mumkin boʻlgan hollarga quyidagilar kiradi:

  • shaxsga doir maʼlumotlarga subyekt tarafi boʻlgan shartnomani bajarish yoki bunday shartnoma tuzilgunga qadar shaxsga doir maʼlumotlar subyektining soʻroviga binoan choralar koʻrish uchun ishlov berish zarurati;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga mulkdor va (yoki) operatorning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun ishlov berish zarurati;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga subyektning yoki boshqa shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ishlov berish zarurati;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga mulkdor va (yoki) operator yoki uchinchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish yoxud ijtimoiy ahamiyatga ega maqsadlarga erishish uchun, bunda shaxsga doir maʼlumotlar subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmasligi sharti bilan ishlov berish zarurati;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga statistik yoki boshqa tadqiqot maqsadlarida, shaxsga doir maʼlumotlar majburiy ravishda egasizlantirilishi sharti bilan ishlov berish zarurati;

  • agar shaxsga doir maʼlumotlar umumiy foydalanishdagi manbalardan olingan boʻlsa.

8.4. Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga rozilik Foydalanuvchi tomonidan Hisob qaydnomasini yaratishda Qoidalarni qabul qilish orqali beriladi va shaxsga doir maʼlumotlarga ushbu Siyosatda nazarda tutilgan hajmda, maqsadlarda, usullarda va muddatlarda ishlov berishga nisbatan tatbiq etiladi.

8.5. Shaxsga doir maʼlumotlar subyekti (yoki uning qonuniy vakili) shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga ilgari bergan roziligini istalgan vaqtda yozma ariza, shu jumladan elektron hujjat shaklidagi ariza berish orqali qaytarib olishga haqli. Rozilikning qaytarib olinishi Hisob qaydnomasidan keyinchalik foydalanishni imkonsiz qiladi.

8.6. Bunda subyektning shaxsga doir maʼlumotlari shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga rozilikni qaytarib olish toʻgʻrisidagi ariza (xabarnoma) bevosita shaxsga doir maʼlumotlar subyektidan Jamiyat manziliga kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay yoʻq qilinishi lozim; Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha (shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan majburiyatlarni bajarish yoki nizo doirasida huquqlarni himoya qilish uchun) subyektning roziligisiz ishlov berish davom ettirilishi mumkin boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar bundan mustasno – bunday maʼlumotlar zarur muddat davomida saqlanadi va u tugaganidan keyin yoʻq qilinadi.

8.7. Jamiyat uchinchi shaxslarni, ular maxfiylikka rioya etishi va ishlov berish xavfsizligini taʼminlashi sharti bilan, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga jalb qilishga haqli.

9. SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLAR SUBYEKTINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

9.1. Shaxsga doir maʼlumotlar subyekti, agar uning huquqi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq cheklanmagan boʻlsa, istalgan vaqtda oʻzining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishga taalluqli, shu jumladan quyidagilarni oʻz ichiga olgan axborotni olishga haqli:

  • Jamiyat tomonidan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berilishi faktining tasdigʻi;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning huquqiy asoslari va maqsadlari;

  • Jamiyatning nomi va joylashgan yeri, shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan yoki Jamiyat bilan tuzilgan shartnoma asosida yoxud Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida shaxsga doir maʼlumotlar oshkor etilishi mumkin boʻlgan shaxslar (Jamiyat xodimlari bundan mustasno) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

  • tegishli shaxsga doir maʼlumotlar subyektiga taalluqli, ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlar va, agar bunday maʼlumotlarni taqdim etishning boshqacha tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan boʻlsa, ularni olish manbai;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish muddatlari, shu jumladan ularni saqlash muddatlari;

  • shaxsga doir maʼlumotlarni amalga oshirilgan yoki taxmin qilinayotgan transchegaraviy uzatish toʻgʻrisidagi axborot;

  • agar ishlov berish Jamiyatning topshirigʻiga binoan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berayotgan shaxsga topshirilgan yoki topshiriladigan boʻlsa, bunday shaxsning nomi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi va manzili;

  • Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlar.

9.2. Subyekt, agar shaxsga doir maʼlumotlar toʻliq boʻlmasa, eskirgan, noaniq, qonunga xilof ravishda olingan yoki eʼlon qilingan ishlov berish maqsadi uchun zarur boʻlmasa, Jamiyatdan oʻzining shaxsga doir maʼlumotlariga aniqlik kiritishni, ularni toʻsib qoʻyishni yoki yoʻq qilishni talab qilishga, shuningdek oʻz huquqlarini himoya qilish uchun qonunda nazarda tutilgan choralarni koʻrishga haqli.

9.3. Jamiyat subyektlarning soʻrovlarini koʻrib chiqadi va murojaat kelib tushgan kundan boshlab 30 (oʻttiz) kun ichida ularga javob yuboradi. Subyektlarning toʻliq boʻlmagan, noaniq yoki dolzarb boʻlmagan shaxsga doir maʼlumotlarni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi soʻrovlari, shuningdek Jamiyat tomonidan qonunga xilof ravishda olingan yoki eʼlon qilingan ishlov berish maqsadlariga mos kelmaydigan maʼlumotlarni oʻchirish toʻgʻrisidagi soʻrovlari 3 (uch) kun ichida koʻrib chiqilishi lozim.

9.4. Jamiyatning subyekt soʻroviga javobi, shaxsni tasdiqlovchi hujjat (vakil uchun – shuningdek ishonchnoma) koʻrsatilgan taqdirda, Jamiyatning vakolatli shaxsi tomonidan imzolangan shaklda subyektga yoki uning ishonchnoma boʻyicha vakiliga taqdim etiladi. Javobni subyektning aloqa uchun elektron pochta manziliga elektron shaklda yuborishga ham yoʻl qoʻyiladi.

9.5. Shaxsga doir maʼlumotlar subyekti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega.

10. SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLARGA ISHLOV BERISH VA ULARNI SAQLASH MUDDATLARI

10.1. Shaxsga doir maʼlumotlarni saqlash va ularga ishlov berish muddati, agar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ularni yigʻish va ularga ishlov berish maqsadlariga erishilgan payt yoki shaxsga doir maʼlumotlar subyekti ularga ishlov berishga roziligini qaytarib olgan payt bilan belgilanadi. Koʻrsatilgan maqsadlarga erishilgach, shaxsga doir maʼlumotlar oʻchirilishi yoki egasizlantirilishi lozim, ularni keyinchalik saqlash Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq majburiy boʻlgan hollar bundan mustasno.

11. JAMIYATNING SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLARGA ISHLOV BERISH VA ULARNI HIMOYA QILISH BOʻYICHA MAJBURIYATI BAJARILISHINI TAʼMINLASHGA QARATILGAN CHORALAR

11.1. Jamiyat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi qonunchiligida nazarda tutilgan operator majburiyatlari bajarilishini taʼminlash uchun zarur va yetarli boʻlgan choralar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Jamiyatda shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishni tashkil etish uchun masʼul shaxsni tayinlash;

  • Jamiyatda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish uchun masʼul tarkibiy boʻlinmani tayinlash;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish axborot tizimi joylashgan binolarning uchinchi shaxslar nazoratsiz kirib olishiga toʻsqinlik qiladigan xavfsizlik rejimini taʼminlash;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish sohasida lokal normativ hujjatlar va boshqa hujjatlarni qabul qilish;

  • Oʻzbekiston Respublikasining shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchiligi qoidalarini, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish masalalari boʻyicha lokal hujjatlarni, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilishga qoʻyiladigan talablarni Jamiyat xodimlariga yetkazish;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga bevosita ishlov beradigan Jamiyat xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasining shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchiligi qoidalari, shu jumladan shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilishga qoʻyiladigan talablar, Jamiyatning shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga nisbatan siyosatini belgilovchi hujjatlar, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish masalalari boʻyicha lokal hujjatlar bilan tanishtirish va (yoki) koʻrsatilgan xodimlarni oʻqitish;

  • turli maqsadlarda ishlov beriladigan va turli toifadagi shaxsga doir maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan shaxsga doir maʼlumotlarni va ularning moddiy jismlarini alohida saqlashni taʼminlash, shaxsga doir maʼlumotlarning moddiy jismlarini shaxsga doir maʼlumotlarning saqlanishini taʼminlaydigan va ulardan ruxsatsiz foydalanishni istisno etadigan sharoitlarga rioya qilgan holda saqlash;

  • Jamiyatda belgilangan shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash choralarini qoʻllamasdan shaxsga doir maʼlumotlarni ochiq aloqa kanallari, Jamiyatning nazorat qilinadigan hududidan tashqaridagi hisoblash tarmoqlari va Internet tarmogʻi orqali uzatishni taqiqlash (umumiy foydalanishdagi va (yoki) egasizlantirilgan shaxsga doir maʼlumotlar bundan mustasno);

  • shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va unga muvofiq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilishga qoʻyiladigan talablarga, ushbu Siyosatga, Jamiyatning lokal normativ hujjatlariga muvofiqligi ustidan ichki nazoratni amalga oshirish;

  • Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi buzilgan taqdirda shaxsga doir maʼlumotlar subyektlariga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararni baholash, koʻrsatilgan zarar bilan operator tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilishini taʼminlashga qaratilgan koʻrilayotgan choralar oʻrtasidagi nisbatni aniqlash;

  • axborot tizimlarida shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishda ularning xavfsizligiga tahdidlarni aniqlash;

  • shaxsga doir maʼlumotlardan ruxsatsiz foydalanish faktlarini aniqlash va choralar koʻrish;

  • shaxsga doir maʼlumotlar axborot tizimida ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanish qoidalarini belgilash, shuningdek shaxsga doir maʼlumotlar axborot tizimida shaxsga doir maʼlumotlar bilan bajariladigan barcha harakatlarni roʻyxatga olish va hisobga olishni taʼminlash;

  • shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar va shaxsga doir maʼlumotlar axborot tizimlarining himoyalanganlik darajasi ustidan nazorat;

  • shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish axborot tizimining antivirus himoyasini qoʻllash;

  • Oʻzbekiston Respublikasining shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi qonunchiligida nazarda tutilgan shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha huquqiy, tashkiliy, texnik va boshqa choralarni qoʻllash.

12. OLX DEVELOPER PORTAL VA UCHINCHI SHAXSLARNING ILOVALARI

12.1. OLX Developer Portal – bu oʻz eʼlonlarini OLX platformasida API yordamida joylashtirmoqchi boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxslar uchun moʻljallangan vosita.

OLX Developer Portal doirasida OLX API xizmatlarini koʻrsatish uchun Kompaniya dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilari yoki bunday ishlab chiquvchilarning pudratchilari/xodimlari boʻlgan foydalanuvchilarning (birgalikda – “Dasturchi” yoki “Dasturchilar”) shaxsga doir maʼlumotlarini yigʻadi va ularga ishlov beradi. Ushbu aniq xizmat uchun Kompaniya quyidagilarni yigʻadi va ularga ishlov beradi: ilova nomi, aloqa uchun masʼul shaxs, elektron pochta manzili, shuningdek telefon raqami.

12.2. OLX API servislaridan foydalanish uchun OLX hisob qaydnomasi maʼlumotlari bilan faollashtirish talab etiladi. Har safar Dasturchi yangi ilova (bundan buyon – “Ilova”) qoʻshganida maxsus shaklni toʻldirish va Kompaniyaga Ilova va aloqa uchun masʼul shaxsga taalluqli qoʻshimcha axborotni taqdim etish zarur. Kompaniyaga talab qilinadigan shakldagi maʼlumotlarni taqdim etish faqat ixtiyoriy, biroq OLX API servislaridan foydalanish uchun zarur hisoblanadi.

12.3. OLX API servislaridan foydalanish doirasida Kompaniya Dasturchilarning OLX veb-sayti doirasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ham yigʻadi va ularga ishlov beradi. Kompaniya yuqorida koʻrsatilgan axborotga Dasturchining portalda roʻyxatdan oʻtishda bergan shaxsga doir maʼlumotlarini va Dasturchi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish va ularga ishlov berishga roziligi asosida ishlov beradi. Portalda roʻyxatdan oʻtish orqali Foydalanuvchi oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini va Sayt va (yoki) Mobil ilova doirasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va ularga ishlov berishga roziligini beradi.

13. JAVOBGARLIK

13.1. Jamiyatda ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlarni olish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va himoya qilishni tartibga soluvchi normalarni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq intizomiy, maʼmuriy, fuqarolik-huquqiy yoki jinoiy javobgar boʻladi.

13.2. Vazifasiga shaxsga doir maʼlumotlarni yuritish kiradigan mansabdor shaxslar, agar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, har kimga uning huquq va erkinliklariga bevosita daxldor boʻlgan hujjatlar va materiallar bilan tanishish imkoniyatini taʼminlashi shart.

13.3. Shaxsga doir maʼlumotlar subyekti taqdim etilayotgan maʼlumotlarning dolzarbligi, toʻliqligi va toʻgʻriligini mustaqil ravishda taʼminlaydi va ishonchsiz yoki qonunga xilof ravishda olingan shaxsga doir maʼlumotlarni uzatishning har qanday oqibatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladi.

14. SIYOSATGA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH

14.1. Kompaniya ushbu Siyosatni yangilashi mumkin. Amaldagi tahrir va uning kuchga kirish sanasi Servisda eʼlon qilinadi.

14.2. Muhim oʻzgarishlar toʻgʻrisida Kompaniya Foydalanuvchilarni mavjud elektron usullardan biri orqali oldindan xabardor qiladi. Servisdan foydalanishni toʻxtatmaslik Foydalanuvchining Siyosatning tegishli tahririga rozi ekanligini va uni qabul qilganligini tasdiqlaydi. Agar oʻzgartirishlar shaxsga doir maʼlumotlarga yangi maqsadlarda ishlov berishni, ularning tarkibi kengaytirilishini yoki yangi oluvchilarni nazarda tutsa, Kompaniya Foydalanuvchining roziligini alohida soʻraydi.

 

ALOQA MAʼLUMOTLARI:

XK MChJ “OLX CLASSIFIEDS”

STIR: 205707447

Yuridik manzil: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Nukus koʻchasi, 46-uy

 

Foydalanuvchilarning shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish masalalari boʻyicha soʻrovlarini yuborish uchun elektron manzil: info@olx.uz

Tel.: +998783336446

 

2026-yil 5-noyabrda e’lon qilindi.