1-ilova - OLX Koʻchmas mulk (yangilangan tahrir, 21.11.2026-yil kuchga kiradi)

Ushbu Ilova “Koʻchmas mulk” Kategoriyasida Veb-saytning funksional imkoniyatlaridan foydalanish xususiyatlarini belgilaydi.

“Koʻchmas mulk” Kategoriyasidagi munosabatlarga Qoidalar ushbu Ilovada belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda qoʻllaniladi. Xususan, Qoidalarning Veb-sayt va Hisob qaydnomasining ishlashi, Eʼlonlarni joylashtirish, Pullik xizmatlar va Rivojlantirish xizmatlarini sotib olish, noqonuniy va Qoidalarga zid kontentni olib tashlash, shuningdek shikoyatlarni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi bandlari qoʻllaniladi.

Ushbu Ilova qoidalari bilan Qoidalar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda ushbu Ilova qoidalari qoʻllaniladi (Qoidalarning 2.9-bandi). Ushbu Ilova bilan tartibga solinmagan masalalar Qoidalar bilan tartibga solinadi.

1. Mijozlar uchun “Koʻchmas mulk” Kategoriyasiga joylashtirish Limitlari

Mijozlar uchun “Koʻchmas mulk” Kategoriyasining quyidagi Boʻlimlarida 2 ta bepul joylashtirish imkoni mavjud:

  • Kvartiralar;

  • Xususiy uylar;

  • Yer uchastkasi;

  • Garajlar / turargohlar.

Mijozlar uchun qoʻshimcha joylashtirishni sotib olish imkoni mavjud. Qoʻshimcha joylashtirish maʼlum bir eʼlonni Limitdan tashqari joylashtirishga imkon beradi.

2. OLX istalgan vaqtda mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni, shuningdek Mijoz maqomini tasdiqlovchi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

3. Biznes-foydalanuvchilari uchun “Koʻchmas mulk” Kategoriyasiga joylashtirish Limitlari.

“Biznes” maqomiga ega foydalanuvchilar uchun “Koʻchmas mulk” Kategoriyasida bepul joylashtirish mavjud emas.

4. Biznes-foydalanuvchilari uchun “Koʻchmas mulk” Kategoriyasiga joylashtirish Paketlari.

“Koʻchmas mulk” boʻlimida eʼlonlarni joylashtirish uchun “Start”, “Premium” va “Mega” kategoriyalik joylashtirish paketlari mavjud. Joylashtirish paketlarining hajmi: 3, 4, 10, 15, 25, 50, 80, 100, 1000ta eʼlon. Paketning amal qilish muddati – xarid qilingan kundan boshlab 30 (oʻttiz) kun.

5. Biznes-foydalanuvchilari uchun Biznes-sahifa.

Joylashtirish paketini sotib olgan Biznes-foydalanuvchilari rivojlangan xususiyatlarga ega profilga – Biznes-sahifaga kirishlari mumkin.

Biznes-sahifa sozlamalarida kompaniya, vositachi, rieltor, yakka tartibdagi tadbirkor toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻldirish imkoniyati mavjud.

Asosiy biznes-sahifa uchun Start toʻplami sotib olinganda logotipni yuklash mumkin, Premium toʻplamlari sotib olinganda eʼlonlar sahifasiga banner qoʻshish mumkin.

Biznes-sahifani toʻldirish uchun quyidagi maydonlar mavjud:

1. Sahifaning nomi

2. Kompaniyaning nomi

3. Kompaniyaning tavsifi

4. Aloqa maʼlumotlari

Biznes-sahifa amal qilish muddati – oxirgi sotib olingan paketning tugaganidan keyin 30 (oʻttiz) kun davomida. Ushbu muddat tugaganidan soʻng, Biznes-foydalanuvchi uchun faqat oddiy OLX sahifasining imkoniyatlari mavjud boʻladi.

6. Mijozlar va Biznes-foydalanuvchilari uchun eʼlon joylashtirish qoidalari va eʼlon sifatiga qoʻyiladigan talablar.

1. Kategoriya

Eʼlonlar mazmunan ular joylashtirilayotgan kategoriyaga mos kelishi kerak. Agar kategoriya notoʻgʻri tanlangan boʻlsa – eʼlon oʻchiriladi.

2. Mavjud boʻlmagan yoki noaktual koʻchmas mulk obyektlari

OLXning “Koʻchmas mulk” Kategoriyasida quyidagilar toʻgʻrisida eʼlonlar joylashtirish taqiqlanadi:

  • mavjud boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari – Mijoz/Foydalanuvchiga tegishli boʻlmagan obyektlarga  potensial mijozlarning eʼtiborini jalb qilishga qaratilgan e'lonlar yoki ushbu operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega bo'lmagan “Biznes-foydalanuvchi” tomonidan berilgan e'lonlar va/yoki Mijoz/Biznes-foydalanuvchiga tegishli boʻlmagan fotosuratlar yuklangan e'lonlar;

  • muomalada boʻlgan kunida sotib olinishi yoki ijaraga olinishi mumkin boʻlmagan, noaktual koʻchmas mulk obyektlari (masalan, ular allaqachon ijaraga berilgan, ammo taklif aktual boʻlib qolavergan e'lonlar).

“Koʻchmas mulk” Kategoriyasida faqat mualliflik fotosuratlariga va ishonchli maʼlumotlarga ega boʻlgan haqiqiy, mavjud boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari bo'yicha e'lon joylashtirilishi mumkin. Eʼlondagi koʻchmas mulk obyekti aktual boʻlishi kerak, yaʼni potensial mijozning soʻrovi vaqtida uni sotib olish yoki ijaraga olishning haqiqiy imkoniyati mavjud boʻlishi kerak.

Foydalanuvchilar tomonidan eʼlon qilingan obyekt mavjud emasligi toʻgʻrisida shikoyatlar kelib tushgan taqdirda, OLX eʼlonni tahrirlash imkoniyatisiz olib tashlash huquqiga ega.

Eʼlonni qayta tiklash uchun Foydalanuvchi “Teskari aloqa shakli” yordamida OLXning qoʻllab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishi kerak.

OLX koʻchmas mulkning haqiqatdan mavjudligini tasdiqlash uchun, fotosuratlarning metamaʼlumotlarga ega asl nusxalarini yoki ko'chmas mulkning fonida e'lonning ID raqami chop etilgan qogʻoz turli rakurslardan tasvirlangan fotosuratlarini talab qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Agar foydalanuvchi tomonidan tasdiq taqdim etilmasa – eʼlon olib tashlanishi mumkin.

3. Koʻchmas mulkning joylashuvi va manzili

Eʼlonda aniq manzil koʻrsatilishi kerak: Koʻchmas mulk obyekti joylashgan joy, tuman, koʻcha va uy raqami.

4. Narx

Eʼlonda obyektning haqiqiy qiymati koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Shartli qiymat koʻrsatilishi taqiqlanadi.

Eʼlon joylashtirilgan sarlavhaga koʻra narx quyidagi qoidalarga muvofiq koʻrsatilishi kerak:

Kvartiralar (sotish, ijaraga berish):

  • ikkilamchi bozorda kvartirani yoki xonani sotish bo'yicha e'londa narx toʻliq koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Bir kvadrat metr uchun narxni koʻrsatish taqiqlanadi;

  • uzoq muddatli ijaraga berish bo'yicha eʼlonlarning “Narx” maydonida 1 (bir) oylik ijara narxi koʻrsatilgan boʻlishi kerak*;

  • agar koʻchmas mulk obyekti maʼlum bir kundan boshlab ijaraga berilsa, ushbu maʼlumot ham eʼlon matnida koʻrsatilishi kerak.

*Agar koʻchmas mulk obyekti ijaraga olish uchun oldindan toʻlov kiritish (masalan, bir necha oy uchun) talab qilinishi sharti bilan ijaraga berilsa, “Narx” maydonida oldindan toʻlovni qoʻshgan holda ijaraning toʻliq qiymati koʻrsatilishi kerak. Masalan, agar obyekt oyiga 1 000 000 soʻmga 10 (oʻn) oy oldindan toʻlash sharti bilan ijaraga berilsa, “Narx” maydonida 10 000 000 soʻm koʻrsatilishi kerak. Bundan tashqari, eʼlon tavsifida ijaraning barcha shartlari bayon etilishi kerak. Narx oʻzgargan taqdirda foydalanuvchi eʼlonni tahrirlab, “Narx” maydonida yangi narxni koʻrsatishi, shuningdek eʼlonda koʻrsatilgan shartlar ham oʻzgargan boʻlsa, ularni yangilashi kerak.

Yer uchastkalari, Yangi binolar, Tijorat koʻchmas mulki:

  • Quruvchilar (yangi binolar)dan koʻchmas mulkni, tijorat koʻchmas mulkni, yer uchastkalarini ijaraga olish yoki sotishda narxni bir kvadrat metr yoki bir sotka uchun ko'rsatish mumkin.

5. Foto

Eʼlonga faqat taqdim etilayotgan koʻchmas mulkning fotosuratlari yuklanishi mumkin. Yuklangan fotosuratlarning maksimal soni – 12 (oʻn ikki) dona.

❗ “Koʻchmas mulk” kategoriyasida quyida ko'rsatilgan fotosuratlarni yuklash mumkin emas:

  • fotosuratlar yuklanmagan e'lonlar (barcha foydalanuvchilar uchun: jismoniy shaxslar, biznes shaxslar, ko'chmas mulk agentliklari, quruvchilar va rieltorlar);

  • internetdan olingan tayyor rasmlar (barcha foydalanuvchilar uchun);

  • mobil telefon/smartfon, planshet, noutbuk/shaxsiy kompyuterlardan olingan ekran tasvirlari(skrinshotlar);

  • sotuvga qo‘yilgan yoki ijaraga berilayotgan ko'chmas mulk obyekti tasvirlanmagan fotosuratlar;

  • matn yozilgan fotosuratlar (fotosuratning 20% dan ortiq bo'lgan holda);

  • ko‘chmas mulk obyektiga aloqasi bo‘lmagan fotosuratlar va tasvirlar;

  • “Shoshilinch sotuv”, “Kvartiralar ijarasi” va shu kabi diqqatni tortadigan soʻzlardan iborat fotosuratlar;

  • Har qanday shakldagi aloqa ma'lumotlari (raqobatdosh/taqiqlangan internet resurslariga havolalar, telefon raqamlari, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarning loginlari);

  • boshqa e'lonlar doskasi saytining logotiplari;

  • faqat logotip yoki brendning nomi tasvirlangan rasmlar

  • UC Browser foydalanuvchilari uchun: "Menga yoqadi" logotipi va shu kabilar;

  • odob-axloq nuqtai nazaridan noo'rin fotosuratlar;

  • ko'chmas mulk obyekti narxi xorijiy valyutada ko'rsatilgan fotosuratlar;

  • fotosurat o'rniga tashrifnomalarni yuklash.

6. Sarlavha

Sarlavha iloji boricha qidiruv soʻrovlariga mos kelishi kerak.

Unda asosiy maʼlumotlar boʻlishi kerak:

  • bitim turi (sotish, ijaraga berish);

  • obyekt turi (kvartira, xona, uy, yer, taunxaus, villa va hokazolar);

  • aniq va yagona manzil (mikrorayon, koʻcha, mavze, xiyobon va uyning raqami).

Eng samarali sarlavha uchun misol: “2 xonali kvartirani ijaraga beraman, Bobur koʻchasi, 67”

❗ Sarlavhada quyidagilarni ko'rsatish taqiqlanadi:

  • sarlavhani butunlay katta harflarda(CapsLockda) yozish;

  • maʼnosi yoʻq soʻzlar;

  • harfli boʻlmagan belgilar (*^@<>), koʻp undov (!!!!!) yoki soʻroq (????) belgilari;

  • takrorlangan kalit soʻzlar va iboralar (teglar) toʻplami. (Qidiruv tizimlar ularni spam deb hisoblashi va ularni indekslamasligi mumkin, bu eʼlonning qidiruv natijalarida koʻrinishiga imkon bermaydi.) Masalan, mana bunday maʼlumotlarni sarlavha sifatida koʻrsatish taqiqlanadi: «Saunali ajoyib uy. Toshkent (Chilonzor, Yunusobod, Mirzo Ulugʻbek, Sergeli)».

7. Obyektning tavsifi

❗ Obyekt tavsifida quyidagi ma'lumotlarni ko'rsatish taqiqlanadi:

  • eʼlon qilingandan tashqari bir nechta/boshqa koʻchmas mulk obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

  • maʼnosiz va yozilgan matnni tushunishni qiyinlashtiradigan katta harflar, belgilar yoki simvollar;

  • taqdim etilayotgan biznes hizmatlari roʻyxati, koʻchmas mulk obyektlari variantlari va hokazolar;

  • reklama kanallariga oid maʼlumotlar, ijtimoiy tarmoqlarga, Telegram, Instagram, Facebook va boshqalardagi kanallar va guruhlarga havolalar.

8. Bir koʻchmas mulk obyekti

Bir eʼlonda bitta koʻchmas mulk obyektini joylashtirishga ruxsat beriladi

Agar koʻchmas mulk obyekti bir nechta rejalashtirish variantlariga ega boʻlsa, har bir rejalashtirish uchun alohida eʼlon yaratilishi kerak.

Agar bir xil turdagi bir xil rejalashtirishli koʻchmas mulk obyektlari taklif etilayotgan boʻlsa (masalan, bitta turar-joy majmuasida), har bir aniq obyektni tavsifda belgilash yoki fotosuratda ajratish kerak.

9. Eʼlon sarlavhasi va tavsifining katta qismini tahrirlash

Boshqa har qanday obyektni reklama qilmoqchi bo'lsangiz, yangi eʼlon yaratishingiz kerak bo'ladi.

10. Aloqa maʼlumotlari

“Ism” maydoniga eʼlonni joylashtirishda oʻzingizning ismingizni yoki ismingiz va otangiz ismini koʻrsatish kerak.

❗ Ushbu maydonga quyidagi ma'lumotlarni ko'rsatish taqiqlanadi:

  • belgilar, raqamlar, aloqa telefon raqami, qisqartmalar, abbreviaturalar va shunga oʻxshash narsalar;

  • “savdo boʻlimi”, “riyeltor”, “agent”, “agentlik”, “menejer”, “sotuvchi”, “egasi” va boshqa soʻzlar va iboralar.

  • telefon raqamining imlosidagi har qanday belgilar, tarmoq operatorining kodini bildiruvchi qavslardan tashqari – “(” va “)”.

  • “Telefon raqami” maydoniga eʼlon joylashtirishda faqat eʼlon muallifiga tegishli faol va amaldagi telefon raqamini koʻrsatish kerak. Telefon raqami ushbu formatda ko'rsatilishi kerak: +998 ** *** ** ** yoki +998 kodni qoshmasdan yozsa bo'ladi, lekin operator kodi ko'rsatilgan bo'lishi kerak.

7. Talab turidagi e'lonlar.

Koʻchmas mulkka boʻlgan talabni aks ettiruvchi eʼlonlarni (Ijaraga olaman, Sotib olaman, Boʻlib toʻlashga sotib olaman, Olaman, Sovgʻa sifatida qabul qilaman, Izlayapman va hk) Saytga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

8. Foydalanuvchi tomonidan Koʻchmas mulk Kategoriyasidan foydalanish shartlarini buzilishi.

Agar Hisob qaydnomasida yuqoridagi qoidabuzarliklarning birortasi aks etgan bir nechta eʼlonlar topilsa – Foydalanuvchiga Koʻchmas mulk Kategoriyasidan foydalanish shartlarini buzgan barcha eʼlonlarni tahrir qilish toʻgʻrisida xabar yuboriladi.

Agar Foydalanuvchi bunday xabarni olganidan soʻng, Qoidalarni buzgan eʼlonlar faol holda qolsa va / yoki Foydalanuvchi qoidabuzarliklar bilan yangi eʼlonlarni joylashtirishni davom ettirsa – Hisob qaydnomasiga kirish cheklanadi va Koʻchmas mulk Kategoriyasidagi barcha eʼlonlar faolsizlantiriladi.

Koʻchmas mulk Kategoriyasidan foydalanish shartlari takroran buzilgan taqdirda, Hisob qaydnomasi qayta tiklanish imkoniyatisiz butunlay bloklanadi.

Hisob qaydnomasini bloklashda, OLX hisob raqamidan foydalanilmagan mablagʻlar qaytarilishi mumkin. Mablagʻlar, toʻlov amalga oshirilgan bank kartasiga qaytariladi. Mablagʻlarni qaytarish tartibi va shartlari OLX.UZ Qoidalari bilan tartibga solinadi.